Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirish boʻyicha aniq qadamlarni belgilab oldilar

0
74
marta koʻrilgan.

14 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xonning videoanjuman shaklidagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Kun tartibidan koʻp qirrali Oʻzbekiston-Pokiston sherikligining dolzarb masalalari, shu jumladan konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar, transport va tranzit sohalaridagi amaliy hamkorlikni, hududlar oʻrtasidagi almashinuvlarni kengaytirish, madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlarini ilgari surish masalalari oʻrin oldi.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari muborak Ramazon oyi boshlangani munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, doʻst xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Keyingi yillarda oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishiga, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Pandemiyaga qaramay, faol almashinuvlar davom etdi. Oʻzaro savdo hajmi oshib, qoʻshma biznes loyihalari soni koʻpaymoqda.

Hududlar oʻrtasida sheriklik aloqalari yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, joriy yilning fevral oyida Panjob shtati hokimi rahbarligidagi ishbilarmonlik missiyasining Namangan viloyatiga tashrifi muvaffaqiyatli oʻtdi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Transafgʻon temir yoʻlini qurish boʻyicha strategik loyiha amalga oshirilmoqda.

Taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlik ham kengaymoqda.

Onlayn-uchrashuvda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi sheriklik va amaliy hamkorlikni kengaytirishning asosiy vazifalari batafsil koʻrib chiqildi va birinchi galdagi choralar belgilab olindi. Boʻlajak tadbirlar rejasi kelishildi.

Konstruktiv siyosiy muloqotni, parlamentlararo hamda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi yaqin aloqalarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Transport va tranzit sohasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surish, tovar ayirboshlashni koʻpaytirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini kuchaytirish uchun qulay sharoitlarni yaratish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish, jumladan, imtiyozli savdo toʻgʻrisida bitim va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish, qoʻshma ishbilarmonlik forumlarini oʻtkazish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aviaqatnovlarni tiklash masalasi oʻrganiladi.

Ikki mamlakat yetakchilari Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan tez fursatda hal etish masalalariga alohida toʻxtaldilar. Ushbu mamlakatning jadal iqtisodiy tiklanishiga qaratilgan saʼy-harakatlar qoʻllab-quvvatlandi.

Xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.

Umuman, Oʻzbekiston-Pokiston sammiti har doimgidek ochiq, amaliy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Uchrashuv yakunida Qoʻshma bayonot qabul qilindi hamda standartlashtirish va metrologiya, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda qator muhim hujjatlar imzolandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.