Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari sermahsul muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

0
51
marta koʻrilgan.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlariga izoh berdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida uchrashuvlar samarali boʻlganini alohida qayd etib, ushbu tarixiy tashrif Oʻzbekiston-Pokiston strategik sherikligida yangi sahifa ochishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini yuksak baholadi. Tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, 130 ta qoʻshma korxona tashkil etildi, Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor oʻrtasida aviaqatnovlar tiklandi.

Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda, siyosiy maslahatlashuvlar, qator ishbilarmonlik tadbirlari va Oʻzbekiston sanoat koʻrgazmasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

— Shu kunlarda Pokistonning yetakchi kompaniyalaridan iborat nufuzli delegatsiya poytaxtimizda boʻlib turibdi. Bugun biznes vakillari bilan alohida uchrashuv oʻtkazib, qoʻshma rejalarni muhokama qilamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliy darajadagi muzokaralar chogʻida tomonlar koʻp qirrali hamkorlikning yangi «oʻsish nuqtalari»ni belgilab olgani, Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etishga kelishib olingani taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo hajmini keskin oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni rivojlantirish, biznesni qoʻllab-quvvatlash va unga qulay sharoitlar yaratish masalalari diqqat markazida boʻldi.

Farmatsevtika, agrar tarmoq, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, toʻqimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surib, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish muhimligi taʼkidlandi.

Global va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqalar doirasidagi yaqin aloqalar va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.

Afgʻonistonni tinch rivojlantirish, Falastin masalasini diplomatik yoʻl bilan hal etish borasidagi pozitsiyalar yaqin ekani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, xavfsizlik sohasida, terrorizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani bildirildi.

Muzokaralarda madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi almashinuvni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Madaniyat va sanʼat festivallarini oʻzaro oʻtkazish, sayyohlar oqimini, shu jumladan «Umra plyus» dasturi doirasida oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Yakunda erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli «yoʻl xaritasi» qabul qilinishi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.