Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar

0
161
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tor doirada muzokara oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Pokiston Bosh vaziri davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, Oʻzbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish Pokiston uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda asosiy eʼtibor ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Keyingi yillarda aloqalar ancha faollashdi. Bundan tashqari, ikki mamlakatning turdosh vazirlik va idoralari, hududlar rahbarlari doimiy muloqotda boʻlib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirmoqda.

Pandemiyaga qaramay, barcha sohalardagi aloqalar rivojlanmoqda. Xususan, 2021 yilda oʻzaro savdo aylanmasi qariyb 50 foizga oʻsdi. Joriy yil boshidan yana 70 foiz oʻsish kuzatildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 177 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes-forum, siyosiy maslahatlashuvlar boʻlib oʻtdi.

 Shavkat Mirziyoyev va Imron Xonning muloqotida ushbu tadbirlarning natijalari koʻrib chiqildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy kelishuvlar hajmi avvalgi yillarga qaraganda oʻsgani, shu bilan birga, hali foydalanilmagan imkoniyatlar koʻpligi qayd etildi.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan fikr almashilar ekan, tomonlarning pozitsiyasi bir xil yoki oʻxshash ekani tasdiqlandi.

Oʻzbekiston va Pokiston xalqaro maydonda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Afgʻonistonda kun sayin murakkablashayotgan gumanitar holat uning yaqin qoʻshnilari sifatida Oʻzbekiston va Pokistonda jiddiy tashvish uygʻotmoqda. Ushbu mamlakatga insonparvarlik koʻmagi koʻrsatishga jahon hamjamiyati eʼtiborini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Imron Xon Oʻzbekiston Prezidenti tuhfa qilgan Urducha-oʻzbekcha mushtarak soʻzlar lugʻatini katta mamnuniyat bilan qabul qildi. Unda oʻzbek va urdu tillaridagi 3 mingdan ortiq bir xil maʼnoli soʻzlar jamlangan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.