Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston-Pokiston strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning barcha yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
Davlat rahbarlari keyingi yillarda koʻp qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Faol siyosiy muloqotlar, samarali parlamentlararo va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda.
2024 yilda tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi, qoʻshma korxonalar soni 130 taga yetdi. Karachi va Toshkentda savdo uylari ochildi. Toshkent va Lahor oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar tiklandi.
Hukumatlararo komissiya yigʻilishi, biznes forumlari va Oʻzbekiston milliy sanoat koʻrgazmasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Qabul qilingan «yoʻl xaritasi» asosida tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan choralar koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim doirasida tovarlar roʻyxatini kengaytirish, fitosanitariya va karantin talablarini, bojxona tartib-taomillarini oʻzaro soddalashtirish, standartlarni yaqinlashtirish, elektron savdo platformalarini integratsiya qilish, xaridlarda ishtirok etish imkoniyatini taʼminlash, banklararo hisob-kitoblar mexanizmlarini takomillashtirish va boshqalar ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Yetakchi kompaniyalarning farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, geologiya va mineral resurslar, toʻqimachilik, charm sanoati va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi.
Hududlar oʻrtasidagi ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni ragʻbatlantirish maqsadida davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda ikki mamlakat hududlari forumini oʻtkazishni taklif etdi.
Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish va tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish masalalariga alohida toʻxtaldilar.
Keyingi bir necha yilda «Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston» multimodal yoʻlagi orqali yuk tashish hajmi 5 barobar koʻpaygani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yuk aylanmasi hajmini yanada oshirish maqsadida qoʻshma transport-logistika kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalda ilgari surish maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhim ekani taʼkidlandi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini joriy yil iyul oyida Lahor shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.
Tomonlar madaniy-gumanitar va turizm almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shu maʼnoda, oʻzaro Madaniyat haftaliklari va turizm dasturlari taqdimotlarini oʻtkazishga kelishib olindi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati, Islom hamkorlik tashkiloti, ShHT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri terrorizm, radikalizm, islomofobiya va xavfsizlikka tahdid solayotgan boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligini taʼkidladilar.
Keng koʻlamli hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish maqsadida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini taʼsis etish va uning birinchi yigʻilishini kelgusi yilda oʻtkazishga kelishib olindi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha qoʻshma «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.