Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan 17 dekabr kuni qilgan telefon orqali suhbatda oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish va investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari diqqat markazida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Qatar Amirini milliy bayram — Davlatga asos solingan kun bilan samimiy qutlab, unga sihat-salomatlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, doʻst Qatar xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Faol muloqot va almashinuvlar natijalari ijobiy baholandi. Joriy yilning noyabr oyida Doha shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi va biznes forumi samarali oʻtdi. Oktyabr oyida Toshkent shahrida Qatar madaniyati haftaligi tadbirlari muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida energetika, transport va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Poytaxtlar oʻrtasida muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilgani oʻzaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda.
Suhbat chogʻida davlat rahbarlari 2025 yilda boʻlajak tadbirlar rejasiga, shu jumladan «Markaziy Osiyo — Koʻrfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqotining ikkinchi sammitini oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratdilar.
Xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.