20 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasida yaqinda yuz bergan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashdilar. Prezidentimiz qurbon boʻlganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda vaziyatning avj olishini toʻxtatish boʻyicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishilganini chin dildan olqishladi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston yetakchilari Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida oʻtkazilgan tadbirlarning sermahsul yakunlarini muhokama qildilar.
Ustuvor yoʻnalishlardagi kooperatsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlarni roʻyobga chiqarish, shu jumladan “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish loyihasini ilgari surish muhimligi alohida taʼkidlandi.
Boʻlajak oliy darajadagi, shu jumladan mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlikning borishi ham koʻrib chiqildi.