Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari muqaddas Ramazon oyi boshlangani bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha avval erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishining borishi batafsil muhokama qilindi.
Oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini ilgari surishga, shu jumladan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston taraqqiyot jamgʻarmasi faoliyatini boshlash, Qambarota 1-gidroelektr stansiyasi va “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish boʻyicha infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi sermahsul almashinuvlar va qoʻshma dasturlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qabul qilingan qarorlarni soʻzsiz bajarish maqsadida hukumatlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini koʻrib chiqdilar. Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, ishonchli va doʻstona ruhda oʻtdi.