18 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Toshkent shahri xalqaro aeroportida ularni davlatimiz rahbari va rafiqasi kutib oldi.
Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni tantanali kutib olish marosimi boʻldi.
Qarorgoh oldidagi maydonda davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi.
Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini qutladilar.
Koʻksaroy qarorgohida ikki mamlakat Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan koʻp qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida taʼkidladi.
Ushbu tashrif doirasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish toʻgʻrisida Qoʻshma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga oʻzaro intilishdan dalolat boʻlishi qayd etildi.
Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.
Hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish dolzarb ekani koʻrsatib oʻtildi. Kuni kecha oʻtgan biznes forumi muvaffaqiyatli boʻldi, yakunida yangi kelishuvlar toʻplami qabul qilindi.
Bu galgi tashrif doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomobilsozlik va toʻqimachilik sohalarida kooperatsiya loyihalari ishga tushiriladi.
Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, «Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston» temir yoʻli va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor eʼtibor qaratildi.
Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha yangi loyiha takliflari koʻrib chiqildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.
Shuningdek, qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirgʻiziston madaniyati kunlari oʻtkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga moʻljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib oldilar.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.