Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 30 aprel kuni telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbatda mintaqaviy hamkorlik va ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Prezidentlar Qirgʻiziston-Tojikiston chegarasida yuzaga kelgan vaziyatni va uni tez fursatda hal qilishni muhokama qildilar. Qirgʻiziston va Tojikiston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish va uning yanada keskinlashishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan kelishuvlarga erishgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yuzaga kelayotgan barcha bahsli masalalar koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va sheriklik ruhidagi muloqot asosida hal qilinishi zarur ekani taʼkidlandi.
Davlat rahbarlari joriy yil mart oyida Toshkent shahrida oʻtgan sammit yakunida qabul qilingan qoʻshma qaror va kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga alohida toʻxtaldilar.
Qabul qilingan majburiyatlarni soʻzsiz bajarish va ustuvor loyihalarni ilgari surish maqsadida faol almashinuvlarni davom ettirish va hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.