Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi doirasida 29 noyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Turli darajalardagi aloqalar faollashgani, tovar ayirboshlash ortayotgani, gumanitar almashinuvlar jadallashgani alohida taʼkidlandi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Tomonlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Toshkentdagi maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada faollashtirish hamda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshishiga ishonch bildirdilar.