Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sherilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Amaliy hamkorlikni ilgari surish, eng avvalo, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, mashinasozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, farmatsevtika, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa ustuvor yoʻnalishlarda uzoq muddatli kooperatsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhim ekani qayd etildi.
Ikki mamlakat hukumatlari tomonidan oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi yoʻnalishlari va aniq dasturlari ishlab chiqilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.