6 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidentini muhim siyosiy tadbir – mamlakat Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umummilliy referendum muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy qutladi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi, mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Oliy darajada erishilgan, eng avvalo, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiyaviy, fan-taʼlim va madaniy-gumanitar hamkorlik loyihalarini ilgari surish boʻyicha kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, mintaqaviy hamkorlik, xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin va samarali muloqotni davom ettirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek doʻstona va amaliy ruhda oʻtdi.