Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanmoqda

0
116
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston yetakchilari ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining avvalida koʻp millatli xalqimiz va shaxsan oʻz nomidan Qozogʻiston Prezidenti va qardosh xalqini yaqinda nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi.

Qardosh oʻzbek va qozoq xalqlari koʻp asrlik doʻstlik rishtalari bilan chambarchas bogʻlangani taʼkidlandi.

— Umumiy tariximiz, madaniy va maʼnaviy qadriyatlarimiz, anʼana va urf-odatlarimiz bizni birlashtirib turadi. Qozogʻiston Oʻzbekiston uchun eng yaqin, ishonchli va davr sinovidan oʻtgan hamkordir.

Bugungi murakkab zamonda oʻzaro munosabatlarimiz davlatlararo hamkorlikning namunasi boʻla oladi, deb hech mubolagʻasiz aytishimiz mumkin, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz boʻlib oʻtgan muzokaralar Oʻzbekiston va Qozogʻiston ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish va boyitish, ularga sifat jihatidan yangi amaliy mazmun berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqlaganini taʼkidladi.

Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga toʻliq javob beruvchi Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolangani tashrifning eng muhim natijasi boʻldi.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari darajasidagi Davlatlararo kengash tuzilmoqda.

— Bu bilan bir-birimizni faol qoʻllab-quvvatlashga, zamon xatarlari oldida yelkama-yelka qatʼiy turishga tayyorligimizni tasdiqladik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qabul qilingan navbatdagi muhim hujjat — birodar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi chegaralarning huquqiy rasmiylashtirilishini toʻliq yakuniga yetkazgan Oʻzbekiston-Qozogʻiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma.

— Bu chinakam tarixiy voqea. Hech shubhasiz, chegaralarimiz doimo haqiqiy doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik hududi boʻlgan va shunday boʻlib qoladi, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Faol siyosiy muloqot tufayli barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilgani, keng koʻlamli hamkorlik jadal surʼat bilan rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi ikki barobar oshgani va besh milliard dollarga yaqinlashgani buning tasdigʻidir.

— Biz uchinchi mamlakatlarning qimmat importi oʻrnini ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotlari bilan toʻldirish orqali bu koʻrsatkichlarni yaqin orada karrasiga oshirishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻydik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan Bosh vazirlar oʻrinbosarlari boshchiligidagi ishchi guruhni shakllantirish va oʻrnini bosish rejalashtirilayotgan mahsulotlarni tizimli yetkazib berish uchun qoʻshma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Anʼanaviy ravishda bir-birini toʻldirib turgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

— Biz, shuningdek, oʻzaro manfaatli yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun muhim maydon boʻladigan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini barpo etishga kirishamiz, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Muzokaralar chogʻida energetika sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Energetika obyektlarini qurish va modernizatsiya qilish, geologiya-qidiruv ishlarini bajarish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash borasida yangi loyihalar amalga oshirilishi taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar. Shu maqsadda ikki mamlakat hududlarida turli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ikki mamlakat bozorlariga oʻzaro yetkazib berishga kelishib olindi.

Kun tartibida transport va logistika masalalari muhim oʻrin egalladi. Transport-tranzit salohiyatini yanada oshirish, yangi temir va avtomobil yoʻllarini qurish loyihalarini faollashtirish boʻyicha aniq choralar belgilab olindi.

Davlat rahbarlari transchegaraviy suv resurslaridan hurmat va ishonch ruhida birgalikda foydalanish borasidagi hamkorlikni davom ettirish hamda Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Parlamentlarning roli ortib borayotganini hisobga olib, qonun chiqaruvchi hokimiyat organlari oʻrtasidagi aloqalar faollashtiriladi. Kelgusi yilda Toshkentda Parlamentlararo kengashning birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.

Prezidentimiz muzokaralarda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishga katta eʼtibor qaratilganini taʼkidladi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini keng nishonladi. Oktyabr oyida Olmaotada “Orol durdonasi” koʻrgazmasi, noyabrda Ostonada Oʻzbekiston madaniyati kunlari, dekabr oyida esa Yoshlar kongressi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Shu kunlarda Oʻzbekistonda qozoq xalqining ardoqli farzandi Abay Qoʻnonboyevga bagʻishlangan tadbirlar oʻtmoqda.

— Abayning oʻlmas merosi bugun ham mintaqamiz xalqlari uchun, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilda ham madaniyat kunlari, qoʻshma kinofestivallar, taniqli sanʼatkorlarning ijod kechalarini oʻtkazishga kelishib olindi. Bu qardosh xalqlarimizning yanada yaqin boʻlishiga, umumiy tarixiy ildizlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston va Qozogʻiston bugungi kunda global oʻzgarishlar markaziga aylanib borayotgan mintaqamizda taraqqiyot va ravnaqni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishini taʼkidladi.

— Markaziy Osiyoda koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash umumiy barqaror taraqqiyotning kafolatidir, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam oʻtkazib borish muhimligi alohida qayd etildi.

Oʻtkazilgan muzokaralarda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida mamlakatlarimiz ilgari surayotgan tashabbuslarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Umumiy manfaatlar mavjudligini hisobga olib, tomonlar BMT, MDH, ShHT, TDT, IHT, OHICHK doirasida hamda “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

— Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi davomida ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi – strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga koʻtarilgani bizni juda xursand qiladi.

Munosabatlarimizni har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakat va imkoniyatlarni yoʻnaltiramiz, — dedi soʻzining yakunida Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev yirik qoʻshma investitsiya va sanoat loyihalarini boshlash boʻyicha tantanali marosimda ishtirok etdilar.

Loyihalar orasida Navoiy viloyatida kompleks va fosforli mineral oʻgʻitlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, Toshkent viloyatida logistika markazini barpo etish, Toshkent shahrida uy-joy va tijorat infratuzilmasini qurish, Qozogʻistonning Qoʻstanoy shahrida avtomobillar va Qaragʻandi viloyatida maishiy texnika ishlab chiqarishni alohida qayd etish mumkin.

Prezidentlar loyihalarga start berib, ular nafaqat oʻzaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilishi, balki zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini, eng muhimi, minglab yangi ish oʻrinlarini yaratishiga ishonch bildirdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.