Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 sentyabr kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qozogʻiston yetakchisiga Qoʻstanay viloyatidagi oʻrmon yongʻinlari munosabati bilan dalda soʻzlarini bildirdi hamda favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishda zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini qayd etdi.
Ikki mamlakat Prezidentlari Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarida amaliy sheriklikni kengaytirishning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar.
Savdo, sanoat, energetika, transport va logistika, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu oyda Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining kun tartibi muhokama qilindi.