Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbatda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlarini yanada kengaytirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini tez fursatda yengib oʻtish maqsadida iqtisodiy sohadagi hamkorlikni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Buning uchun oʻzaro savdo hajmini oshirish, qabul qilingan “yoʻl xaritasi” doirasida sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalarni ilgari surish hamda chegaraoldi tumanlarda samarali transport kommunikatsiyalari va logistika infratuzilmasini rivojlantirish muhim ekani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va taʼlim sohalarida hukumatlar, manfaatdor idora va tashkilotlar darajasida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi. Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.
Suhbat yakunida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahoriy ayyom – Navroʻz munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, birodar xalqlarimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlarining telefon orqali muloqot har doimgidek ishchan va doʻstona ruhda oʻtdi.