Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini oʻtkazdilar

0
30
marta koʻrilgan.

Oqoʻrda qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Qozogʻiston rahbari va xalqiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda bu kun Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligi tarixida alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

— Bugun biz Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisini oʻtkazmoqdamiz. Bu mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari rivojida tarixiy voqea hisoblanadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari yuqori surʼatda rivojlangani alohida qayd etildi.

Tashrif doirasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari, biznes forumi, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy markazlar forumi, intellektual oʻyinlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Kino kunlari, koʻrgazmalar, konsertlar va boshqa koʻplab tadbirlar davom etmoqda.

Ikki mamlakat rahbarlari 2024-2034 yillarga moʻljallangan strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bu dastur Oʻzbekiston-Qozogʻiston doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarida yangi sifat bosqichi boshlanganini anglatadi.

Majlis davomida davlatimiz rahbari bir qator ustuvor vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, xalqaro tuzilmalar doirasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirish va umumiy manfaatlarni samarali ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.

Muloqotlar natijadorligini oshirish, Parlamentlararo forumni taʼsis etish, Ekspertlar kengashining qizgʻin ishini davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi. Shu maqsadda oy oxirigacha alohida dastur qabul qilinadi. Bunda bozorlarni oʻzaro shakllantirish, mavjud cheklovlarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Mamlakatimiz yetakchisi sanoat kooperatsiyasining yangi strategiyasini qabul qilish zarurligini taʼkidladi.

Tomonlar kecha boʻlib oʻtgan biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlari yakunlari boʻyicha 7 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolanganini ijobiy baholadilar.

Gap energetika, logistika, qurilish, kimyo, elektrotexnika, toʻqimachilik, agrosanoat va boshqa sohalardagi hamkorlik haqida bormoqda.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirishni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun qoʻshma jamgʻarma tashkil etish masalasini oʻrganishga kelishib olindi.

Iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan hududlar oʻrtasidagi aloqalar strategik sheriklikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi.

Forumni barcha viloyatlar va markaziy shaharlarni qamrab olgan holda Hududlar kengashiga aylantirish va uning birinchi yigʻilishini kuzda Samarqandda oʻtkazishga qaror qilindi. Hukumatlarga aniq kelishuvlarga erishish uchun hududlarga oʻzaro tashriflar jadvalini tasdiqlash topshirildi.

Energetika quvvatlari va infratuzilmasini qurish, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyorlik bildirildi. Yirik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, Qambarota GES qurilishini tayyorlash ishlari jadallashtiriladi.

Transport va tranzit sohasida ishbilarmon doiralarni jalb etgan holda ikki mamlakat oʻrtasida yangi transport yoʻlaklarini qurish loyihalarini ishlab chiqishga kelishib olindi. Bundan tashqari, zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish ishlarini kuchaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Mintaqada suvdan foydalanish masalalariga yagona yondashuv mavjudligi qayd etildi. Ishonchli huquqiy bazani shakllantirish, suv xoʻjaligi obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish ishlari davom ettiriladi.

Madaniyat, taʼlim, yoshlar va turizm sohalaridagi almashinuvlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu kunlarda Ostonada Oʻzbek kinosi kunlari, koʻrgazmalar, festivallar, konsertlar oʻtkazilmoqda. «Zakovat» intellektual oʻyini muvaffaqiyatli oʻtdi. Bunday tadbirlar yoshlarimizni yanada yaqinlashtiradi, ularni umumiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan yaqindan tanishtiradi, — dedi davlatimiz rahbari.

Madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha 2024-2025 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi ham bunga xizmat qiladi.

Taʼlim sohasida bugun ikki mamlakatdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari — Olmaotada Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda Chirchiqda Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Mamlakatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevga Ostona shahrida oʻzbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini oʻrnatish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda integratsiya va hamkorlikni chuqurlashtirish tarafdori ekanliklarini tasdiqladi. Taʼkidlanganidek, Maslahat uchrashuvi mintaqa oldida turgan vazifalarni birgalikda hal etish va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan mintaqaviy kun tartibini ishlab chiqishning samarali mexanizmiga aylandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va boshqa tuzilmalar doirasida yaqin va ochiq muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Qasim-Jomart Toqayevni Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi majlisini oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.