Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

0
131
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini koʻrib chiqdilar.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi siyosiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, tovar ayirboshlash ortayotgani va kooperatsiya aloqalari kuchayib borayotgani, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 5-6 dekabr kunlari Qozogʻiston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan savdo va logistika, mashinasozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi, kimyo va farmatsevtika, toʻqimachilik va oziq-ovqat tarmoqlarida qoʻshma loyihalarni ilgari surish, shuningdek, ikki mamlakat hududida Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi va ulgurji-taqsimlash markazlarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Qozogʻiston Prezidenti tomonidan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi. Prezidentlar joriy yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuviga doir masalalarni muhokama qildilar.

Telefon orqali muloqot har doimgidek ochiq, amaliy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.