Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki tomonlama savdo hajmining oʻsish surʼatini taʼminlash, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va toʻqimachilik tarmoqlari, transport va logistika sohalarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasidagi qoʻshma tadbirlarni faol oʻtkazish muhimligi qayd etildi.
Muloqot yakunida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahoriy ayyom – Navroʻz munosabati bilan bir-birini chin dildan qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
Suhbat har doimgidek ochiq va doʻstona ruhda oʻtdi.