Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.
Prezident Nursulton Nazarboyev Qozogʻistonning Aktyubinsk viloyatidagi fojiada halok boʻlgan mamlakatimiz fuqarolarining oila aʼzolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirdi.
Davlatimiz rahbari Qozogʻiston rahbariga samimiy hamdardlik bildirgani va qoʻllab-quvvatlagani, tashkiliy masalalarni hal etish va fojia sabablarini aniqlashda koʻrsatilgan tezkor yordam uchun minnatdorlik izhor qildi.
Kelgusida bunday hodisalar roʻy berishining oldini olish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari, masʼul idoralari va tashkilotlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Muloqotda, shuningdek, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Nursulton Nazarboyevni yaqinda AQSHga qilgan rasmiy tashrifi va BMT Xavfsizlik Kengashining birinchi marta Qozogʻiston raisligidagi majlisi muvaffaqiyatli oʻtgani bilan samimiy qutladi.
Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va hamkorlikni rivojlantirish hamda mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini bildirdilar.
Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi Sammiti oʻzaro munosabatlarda yangi sahifa ochishi, mintaqadagi barcha mamlakatlarning uzoq istiqbolli manfaatlarini koʻzda tutadigan yangi dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun imkoniyat yaratishi alohida taʼkidlandi.
Qozogʻiston Prezidenti mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash maqsadida joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida «Afgʻoniston–tinchlik sari yoʻl» xalqaro vazirlar konferensiyasini oʻtkazish tashabbusini yuksak baholadi va qoʻllab-quvvatladi.
Shuningdek, tomonlar 2017 yil sentyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralar chogʻida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Qozogʻiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi yilini oʻtkazish borasida olib borilayotgan faol tayyorgarlik ishlarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Muloqot soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev bundan buyon ham mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlidagi koʻp qirrali va samarali hamkorlikni faol rivojlantirish, koʻp asrlik doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik rishtalarini mustahkamlashga tayyor ekanini taʼkidladilar.