Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Qozogʻiston rahbari Oʻzbekiston yetakchisini Prezident saylovidagi ishonchli gʻalabasi bilan dildan qutlab, unga yangi muvaffaqiyatlar, farovonlik va ravnaq tiladi.
Oʻzbekiston-Qozogʻiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi oshib bormoqda, muhim investitsiyaviy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha qoʻshma loyihalarni yanada ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.