Oʻzbekiston va Rossiya delegatsiyalarining kengaytirilgan muzokaralari boʻlib oʻtdi, muzokaralar natijasi bitimlarda mustahkamlandi

0
53
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

Muzokaralarda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovlik strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.

Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va oʻziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yoʻnalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Bu maqsadda Bosh vazirlar darajasidagi Qoʻshma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan toʻliq foydalaniladi, ularning navbatdagi yigʻilishlari shu yil oxirigacha oʻtkaziladi.

Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, ShHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa koʻp tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Oʻzaro savdo aylanmasining barqaror surʼati mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Soʻnggi 7 yilda u 2,5 barobar  oshdi. Tomonlar yangi maqsadli koʻrsatkichga — yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.

Ushbu vazifani amalga oshirishga koʻmaklashish uchun Rossiyada Oʻzbekistonning toʻlaqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.

Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, logistika, farmatsevtika, sunʼiy intellekt va boshqa koʻplab yoʻnalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.

Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qoʻshma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.

Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Oʻzbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar imzolanadi.

Hududlar oʻrtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻtgan hafta Oʻzbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada boʻldilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yoʻnalishlar ham koʻrib chiqildi.

Madaniyat va sanʼat, fan, sogʻliqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Tomonlar Oʻzbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish boʻyicha kelishuvlar erishilganini olqishladilar.

Uchrashuv chogʻida delegatsiya aʼzolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik boʻyicha aniq takliflari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yoʻnalish boʻyicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yoʻl xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdilar.

Oʻtkazilgan muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Qoʻshma bayonot imzoladilar.

Davlat rahbarlari huzurida muhim ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi boʻlib oʻtdi. Jumladan, bular:

– Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hamkorligining ustuvor yoʻnalishlarida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi;

– Oʻzbekiston Respublikasiga metrologiya sohasida texnik koʻmak koʻrsatish toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini taʼminlash sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy taʼlim vazirligi oʻrtasida ilmiy texnologiyalar sohasida qoʻshma tanlovlar oʻtkazish toʻgʻrisida bitim;

– Baliqchilik sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida bayonnoma;

– 2024–2026 yillarga moʻljallangan madaniyat sohasida hamkorlik dasturi;

– 2025–2026 yillarga moʻljallangan turistlar oqimini oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi;

– Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida tovar ayirboshlashni koʻpaytirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi;

– Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida 2024–2030 yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha ishchi guruh faoliyatining asosiy yoʻnalishlari rejasi;

– Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Karantin va oʻsimliklarni himoya qilish agentligi hamda Rossiya Federatsiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Veterinariya va fitosanitariya nazorati boʻyicha federal xizmati oʻrtasida fitosanitariya sohasida raqamli hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida 2024–2025 yillarga moʻljallangan karantin va oʻsimliklarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;

– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy taʼlim vazirligi oʻrtasida “N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish toʻgʻrisida memorandum;

– Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻrtasida sogʻliqni saqlashni tashkil etish masalalari boʻyicha; tibbiyot maqsadidagi dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va yuqori texnologik davolash usullarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnomalar;

– Oʻzbekiston Respublikasi hududida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar;

– Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish toʻgʻrisida bitim;

– transport mashinasozligi, fuqarolik aviatsiyasi tizimlari sanoatini rivojlantirish, turizm almashinuvini oshirish, Toshkentda gumanitar loyihalarni amalga oshirish, agrologistika markazlari va zamonaviy kimyo quvvatlarini tashkil etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida hujjatlar.

Koʻksaroy qarorgohida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Brifingda soʻzga chiqqan davlatimiz rahbari Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri boʻlgan ushbu tashrifini Oʻzbekistonga va koʻp millatli xalqimizga boʻlgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga boʻlgan qatʼiy intilishning tasdigʻi sifatida qabul qilayotganini taʼkidladi.

– Rossiya Prezidentining davlat tashrifi – bu, hech mubolagʻasiz, koʻp qirrali hamkorligimizning yangi davrini boshlab beruvchi tarixiy voqeadir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston Prezidenti mazkur sammitga katta tayyorgarlik koʻrilganini alohida taʼkidladi. Parlament vakillarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, ikki davlat hukumat delegatsiyalari oʻrtasidagi oʻzaro tashriflar samarali oʻtdi.

Aprel oyida Toshkentda “Innoprom” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi, yuzlab yangi kooperatsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy oyda Oʻzbekistonning barcha hududlari rahbarlari ham Rossiya hududlaridagi hamkorlarida tashrif bilan boʻldilar. Yirik muhandislik-texnik universitetlar rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining konferensiyalari samarali oʻtdi. Ayni kunlarda Toshkentda Rus sanʼati haftaligi tadbirlari davom etmoqda.

Har doimgidek anʼanaviy ochiq, konstruktiv va doʻstona muhitda oʻtgan bugungi muzokaralarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya aʼzolarining asosiy yoʻnalishlar boʻyicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar. Kelgusida 30 milliard dollarlik koʻrsatkichga erishish vazifasi qoʻyildi.

Davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Muzokaralar davomida energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar boʻyicha aniq loyihalar koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda 3 mingdan ortiq qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar boʻyicha kelishuvlar imzolangani alohida taʼkidlandi.

Prezidentimiz kooperatsiyani ilgari surish uchun qoʻshma Investitsiya platformasi tashkil etilishi haqida eʼlon qildi.

Hududlararo hamkorlik Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorligining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlib borayotgani alohida qayd etildi. Hududlar forumini Prezidentlar raisligidagi Hududlar kengashiga aylantirish boʻyicha kelishuvga erishildi, uning birinchi majlisi bugun boʻlib oʻtadi.

Davlat rahbarlari energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdilar.

Oʻtgan yili Rossiya tabiiy gazini Oʻzbekistonga yetkazib berish boshlangan edi. Muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi boʻyicha loyihani amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolandi.

– Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar oʻz energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga taʼminlamoqda. Agar biz Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida oʻylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish boʻyicha aniq rejalar belgilandi.

Madaniyat va sanʼat, turizm, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yoshlar va sport sohalarida faol aloqalar va almashinuvlar davom ettiriladi. Bugun ushbu ustuvor yoʻnalishlarda bitim va kelishuvlar toʻplami qabul qilindi.

Joriy yilda Oʻzbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari oʻtkaziladi. Rossiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari, koʻrgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari boʻlib oʻtadi.

Yetakchilar taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatini qayd etdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari oʻrtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qoʻllab-quvvatladilar.

Muhandislik kadrlarini tayyorlash boʻyicha qoʻshma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining oʻn beshinchisi boʻladi.

Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi boʻldi. Bu sohada oʻzaro hamkorlikning samarali mexanizmlari boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tashqi siyosiy idoralar oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.

Anʼanaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar oʻrtasida yaqin hamkorlik masalalari Oʻzbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.

Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari muzokaralar natijalaridan juda mamnunligini bildirib, rossiyalik hamkasbiga oʻzi bilan Oʻzbekistonga Rossiyaning asosiy vazirlik va idoralari, subyektlari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani olib kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Rossiya Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama doʻstlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.