Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-biriga tabrik yoʻlladi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti
V.V. Putin Janobi Oliylariga
Hurmatli Vladimir Vladimirovich!
Sizni va birodar Rossiya xalqini Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tabriklayman.
Keyingi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan biz Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligini misli koʻrilmagan yuksak strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqdik hamda xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamladik.
Bugun Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligi ochiqlik, oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlash, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillari asosida faol rivojlanmoqda.
Amaliy hamkorligimizning barcha muhim yoʻnalishlarida yaqin va doimiy muloqot qilish imkonini beruvchi noyob, samaradorligini isbotlagan mexanizmlarga asos solindi.
Oʻzaro savdo rekord koʻrsatkichlarga yetdi. Keng koʻlamli sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda, sogʻliqni saqlash, fan, madaniyat, sanʼat va taʼlim sohalaridagi aloqalar kengaymoqda.
Biz Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida bundan buyon ham izchil rivojlantirish va mustahkamlash niyatidamiz.
Sizga mustahkam sogʻlik va davlatchilik faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar, doʻst Rossiya xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.M. Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Davlatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutlovlarimni qabul qilgaysiz.
Oʻtgan oʻn yilliklar mobaynida Rossiya va Oʻzbekiston tomonidan barcha yoʻnalishlarda sermahsul hamkorlik boʻyicha katta tajriba toʻplandi, MDH, ShHT va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida konstruktiv sheriklik, mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish yoʻlga qoʻyildi.
Rossiya-Oʻzbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligini bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashimizga ishonaman. Bu, hech shubhasiz, doʻst xalqlarimizning manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadlariga mosdir.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga esa farovonlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Vladimir Putin, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti