Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yil noyabr oyida Moskva shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yil boshidan faol muloqotlar va oʻzaro tashriflar surʼati oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mart oyi oxirida birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi hamda aprel oyida Oʻzbekiston poytaxtida yangi mintaqaviy formatda tashkil etilgan “Innoprom” xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida ikki tomonlama tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha ustuvor loyihalar davom ettirilmoqda. Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 40 foizga oshdi.
Gumanitar hamkorlikka doir, shu jumladan taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, turizm va sport sohalarida muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish va hududlararo aloqalarning katta salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini qayd etdilar.
Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosat masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Ikki mamlakat Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiqlik, ishonch va doʻstonalik ruhida oʻtdi.