22 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlarni hisobga olib mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Joriy yil sentyabr oyi oʻrtasida Samarqand shahrida oʻtkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi doirasidagi uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda qoʻshma loyiha va dasturlarni ilgari surishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar.
Hukumatlar va idoralar darajasidagi faol aloqalar va almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Ikki mamlakat yetakchilari Oʻzbekiston va Rossiya hududlari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishni qoʻllab-quvvatladilar. Shu munosabat bilan joriy yilning kuzida mamlakatimizda Hududlararo forumning oʻtkazilishiga muhim ahamiyat berilmoqda.