Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar

0
37
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozon shahriga keldi.

21 fevral kuni Qozon shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya Prezidentini sportning anʼanaviy va virtual turlarini oʻzida mujassam etgan “Kelajak oʻyinlari” birinchi xalqaro musobaqasi oʻtkazilayotgani bilan samimiy qutladi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari, jumladan, oʻtgan yil 5-7 oktyabr kunlari Moskva shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Yetakchilar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

2023 yilda boʻlib oʻtgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishlari, hududlar, taʼlim, tibbiyot forumlari, qator boshqa ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlashning ijobiy surʼati saqlanib qolmoqda. Sanoat, energetika, transport, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirgan.

Hududlar oʻrtasidagi kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Toshkent va Jizzax viloyatlarida «Ximgrad» industrial texnoparklari muvaffaqiyatli ishlamoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida yangi “Alabuga” va “Master” innovatsiya parklari barpo etilmoqda.

Davlat rahbarlari transport yoʻlaklarini birgalikda rivojlantirish, temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, boʻlajak xalqaro tadbirlar rejasi koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.