5 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbat avvalida Rossiya Prezidenti davlatimiz rahbari tomonidan Qoraqalpogʻistondagi vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha koʻrilgan qatʼiy choralarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Oʻzbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Oʻtgan yil noyabr oyida Moskva shahrida oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki tomonlama muloqotlar va oʻzaro almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan oʻzaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yirik investitsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari davom ettirilmoqda.
Mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, boʻlajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Samarqand shahrida oʻtkaziladigan ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yigʻilishi doirasidagi tadbirlar koʻrib chiqildi.