Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi

0
83
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

15 sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokara oʻtkazdilar.

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, ShHTning Samarqand sammitida ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin, oʻz navbatida, Shavkat Mirziyoyevga har doimgidek samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik barcha darajalarda jadal va samarali rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.

Tomonlar keyingi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya sherikligi misli koʻrilmagan yuksak darajaga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalar kengayib bormoqda. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan tovar ayirboshlash ikki barobardan ziyod koʻpaydi, oʻtgan yetti oyda esa oʻzaro savdo 30 foizdan ortiq oʻsdi. Eʼtiborlisi, ikki tomonlama savdo hajmining 70 foizi yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlardan iborat.

Sanoat kooperatsiyasi jadal surʼat bilan rivojlanmoqda. Keyingi yillarda kon-metallurgiya, yoqilgʻi-energetika, kimyo, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda 100 dan ortiq qoʻshma loyihalar boshlandi.

Tomonlar, eng avvalo, elektronika, farmatsevtika, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida industrial-texnologik sheriklikni rivojlantirish boʻyicha kompleks harakatlar rejasini qabul qilishga kelishib oldilar.

Ushbu tashrif doirasida mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va geologiya sohalari boʻyicha 4,6 milliard dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanayotgani qayd etildi.

Hamkorlikni kengaytirishda hududlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar muhim oʻrin tutadi. Birinchi yarim yillikda ikki mamlakat oʻrtasida 50 ga yaqin tashriflar boʻldi.

Tomonlar Oʻzbekiston hududlarida qoʻshma sanoat parklarini tashkil etish, joriy yil oktyabr oyida Oʻzbekiston va Rossiya hududlarining navbatdagi forumini oʻtkazishga kelishib oldilar.

Shuningdek, Prezidentlar tadbirlarga boy va keng koʻlamli madaniy-gumanitar hamkorlikni yuksak baholadilar.

Rossiya oliy taʼlim muassasalarining xorijdagi filiallari soni boʻyicha Oʻzbekiston yetakchi oʻrinda turadi. Soʻnggi toʻrt yilda yurtimizda ushbu mamlakatning 12 ta yetakchi oliygohi filiallari ochildi va jami 15 taga yetdi.

Turizm sohasidagi aloqalar ham faol rivojlanmoqda. Joriy yilda Rossiyadan Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar soni pandemiyadan oldingi koʻrsatkichlardan oshdi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Samimiy va doʻstona oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putin Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida keng qamrovli strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzoladilar.

Mazkur deklaratsiya Oʻzbekiston va Rossiyaning koʻp qirrali hamkorligi rivojida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Unda oʻzaro aloqalarga alohida eʼtiborga molik yaqin va jadal hamkorlik sifatida qaralishi qayd etilgan. 

Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, atom energetikasi, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni aniq yoʻnalishlar asosida rivojlantirish koʻzda tutilgan. 

Umuman, Oʻzbekiston–Rossiya munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini 350 dan ziyod hujjat tashkil qiladi.

 
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Rossiyaning Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻldi.

Davlatimiz rahbarini ushbu orden bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmon joriy yilning iyul oyida qabul qilingan edi.

Prezidentimiz mukofotni qabul qilar ekan, uni, birinchi navbatda, butun Oʻzbekiston xalqining oʻzaro doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qoʻshgan hissasining eʼtirofi deb bilishini taʼkidladi.

Qayd etish joizki, Aleksandr Nevskiy ordeni bilan Rossiya Federatsiyasi bilan koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga koʻmaklashishda xizmat koʻrsatgan atoqli xorijiy siyosat va jamoat arboblari mukofotlanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.