27 may kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Taʼkidlash joizki, bu platforma olti yil avval ikki davlat rahbarlari tomonidan ishga tushirilgan boʻlib, qoʻshma Hududlararo hamkorlik forumi shaklida faoliyat yuritgan.
Hududlararo hamkorlikning jadal surʼati, oʻzaro investitsiyalarning yuqori dinamikasi, qoʻshma loyihalar soni, shuningdek, hamkorlik sohalarini kengaytirish uchun katta salohiyatni hisobga olib, forum maqomini oshirish va uni Prezidentlar raisligidagi Oʻzbekiston va Rossiya hududlari kengashiga aylantirishga qaror qilindi.
Kengash majlisini ochar ekan, davlatimiz rahbari Prezident Vladimir Putin va Rossiya delegatsiyasi vakillarini, jumladan, 30 ga yaqin hudud rahbarlari va 300 nafar yetakchi sanoat korxonalari va biznes vakillarini samimiy qutladi.
– Bunday hamkorlik yuqori samaradorlik bilan ajralib turadi, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi, – deb taʼkidladi Prezidentimiz.
Bugungi oliy darajadagi muzokaralar samarali natijalar bilan yakunlangani, ikki davlat va xalqlar manfaatlari yoʻlida keng qamrovli sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashga boʻlgan umumiy intilishni koʻrsatgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan beri barcha darajadagi, jumladan, ikki davlat hududlari oʻrtasidagi aloqalarning faollashgani alohida taʼkidlandi. Birgina oʻtgan haftada Oʻzbekiston viloyatlari delegatsiyalari Rossiyadagi sherik hududlarga tashrif buyurdi.
Shu maʼnoda, hududlararo muloqotni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bugungi kunda hududlar darajasida 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qoʻshma loyiha amalga oshirilmoqda. Kengash majlisi doirasida 5 milliard dollarlik yangi shartnomalar toʻplami tayyorlangan.
Oliy darajadagi muzokaralar davomida tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollarga yetkazish va kelasi yili 10 milliard dollar investitsiya oʻzlashtirish boʻyicha yangi maqsadlar belgilab olingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Maqsadlarga erishishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi aynan ikki davlat hududlari boʻlishi lozimligini taʼkidlagan davlatimiz rahbari hamkorlikning qator ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Avvalo, oʻzaro savdoni koʻpaytirish. Soʻnggi 7 yil ichida Oʻzbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oʻsdi. Oʻzaro yetkazib berish tarkibi, eng avvalo, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan yaxshilandi.
Asosiy hamkorlar qatorida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston, Moskva, Leningrad, Novosibirsk, Astraxan, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk, Perm oʻlkalari, Boshqirdiston va boshqalar bor.
Kooperatsiya va import oʻrnini bosish loyihalarini oshirish hisobiga tovar ayirboshlash hajmini koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi, bu jarayonga hududlar faol jalb qilinadi.
Savdo va kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash uchun Rossiyada Oʻzbekistonning toʻlaqonli savdo vakolatxonasi ochiladi.
Investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik surʼati yuqori baholandi. Oʻzbekistonda uch mingdan ortiq Rossiya kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, logistika, toʻqimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatida tataristonlik hamkorlar bilan birga ishga tushirilgan «Ximgrad» sanoat zonasi kengaytirilmoqda, Jizzax viloyatida uning filiali barpo qilinmoqda.
– Qoʻshma loyihalarning umumiy portfeli 45 milliard dollardan oshgan. Bugungi sammit doirasida kooperatsiyaning yangi loyihalari boʻyicha 20 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi, shundan chorak qismi hududlar hissasiga toʻgʻri keladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Rossiya hududlarining yetakchi korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun yangi qoʻshma sanoat zonalarini tashkil etish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish ustuvor yoʻnalish sifatida koʻrsatib oʻtildi. Oʻzbekiston hududlarida agrologistika markazlari tarmogʻini kengaytirish ishlarini davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.
Hududlarga Rossiyada ulgurji-taqsimlash markazlarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini birgalikda yetishtirib, keyinchalik yurtimizga yetkazib berish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari hududiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirishning ahamiyatini qayd etib, qoʻshma Investitsiya platformasi ish boshlashini eʼlon qildi.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekistonda Rossiya yetakchi universitetlarining 14 filiali tashkil etilgan boʻlib, Toshkentdagi Moskva va Sankt-Peterburg davlat universitetlari, Olmaliqdagi MISIS Fan va texnologiyalar universiteti, Jizzaxdagi Qozon federal universiteti va boshqalar shular jumlasidan.
Tashrif davomida mamlakatimizda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Madaniy hamkorlik boʻyicha uch yillik dastur qabul qilindi.
Oʻzbekiston Prezidenti turizm almashinuvini kengaytirish muhimligini taʼkidladi. Soʻnggi bir necha yilda rossiyalik turistlar soni 5 barobarga oshdi. Oʻzbekiston va Rossiyaning barcha yirik shaharlari muntazam aviaqatnovlar bilan bogʻlangan.
Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston va Rossiyaning tarixiy shaharlariga turistik yoʻnalishlar va sayohatlarni rivojlantirish boʻyicha yangi qoʻshma dasturlarni qabul qilishni taklif etdi.
Oʻz navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimiz bilan koʻp qirrali munosabatlarning rivojlanishidagi ijobiy tendensiyalarni yuqori baholab, Rossiya va Oʻzbekiston hududlari oʻrtasidagi mavjud ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashning muhim ahamiyatini taʼkidladi. Ishbilarmon doira vakillarini qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Majlis doirasida bir qator yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangani eʼlon qilindi.
Umuman, kengash doirasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha hududlararo hamkorlik hujjatlari va bitimlar toʻplami imzolandi.
Shu bilan Rossiya Prezidentining mamlakatimizga tashrifi yakunlandi, oliy martabali mehmonni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kuzatib qoʻydi.