16 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari oʻzaro savdoni koʻpaytirish, yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, qoʻshma Loyihalar ofisi doirasida ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Shu maʼnoda, “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro koʻrgazmasi va Oʻzbekiston-Rossiya hududlar forumini oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.
Ikki davlat yetakchilari madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashib, boʻlajak tadbirlar rejasini koʻrib chiqdilar.