Kremlda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga har doimgidek samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining bugungi holatini yuksak baholadi.
Tomonlar Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning jadal surʼatini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Ushbu oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida bir qator tadbirlar, shu jumladan Hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning toʻrtinchi yigʻilishi, tibbiyot, rektorlar va hududlar forumlari muvaffaqiyatli oʻtkazilgani taʼkidlandi.
Sanoat kooperatsiyasi jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonda Rossiya investitsiyalari hajmi oshib bormoqda.
Prezidentlar hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekanini qayd etdilar. 4 oktyabr kuni Qozon shahrida oʻtgan uchinchi Hududlararo hamkorlik forumi yakunida 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.
Hududlar kesimida sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yil boʻyi oʻzaro tashriflar reja-jadvalini oʻz ichiga olgan “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv chogʻida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash masalalari ham batafsil koʻrib chiqildi.
Kuni kecha Butunrossiya koʻrgazma markazida Oʻzbekistonning yangilangan paviloni ochildi.
Prezidentlar tadbirlarga boy va serqirra madaniy-gumanitar hamkorlikni yuqori baholadilar. Muhim madaniy voqealar: Moskvada “Lazgi” milliy baleti premyerasi, Oʻzbekiston madaniyati kunlari, mamlakatimizda esa “Rossiya fasllari” loyihasi doirasidagi tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbarlari 2024-2025 yillarga moʻljallangan Madaniy hamkorlik dasturini qabul qilishga kelishib oldilar.
Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Samimiy va doʻstona oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkalash borasidagi intilish qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.