Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanini taʼkidladilar

0
89
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va katta muvaffaqiyatlar, doʻst Rossiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va bardavom ravnaq tiladi.

Prezident Vladimir Putinning zamonaviy Rossiyani barpo etishdagi tarixiy roli hamda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Hamkorlik barcha yoʻnalishlarda jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi va sanoat kooperatsiyasi koʻlami muttasil oshib bormoqda, jumladan, Oʻzbekiston va Rossiyaning yetakchi korxona va banklari ishtirokida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. «Sputnik V» vaksinasini birgalikda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda: qayta tiklangan Toshkent kinofestivali doirasida oʻtgan hafta Rossiya kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Mamlakatimizda Butunrossiya davlat kinematografiya institutining xorijdagi ilk filiali ochildi. Bundan tashqari, shu kunlarda Toshkent shahrida Rossiyada taʼlim olishga bagʻishlangan koʻrgazma oʻtkazildi.

Prezidentlar kelgusi oyda boʻlib oʻtadigan Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrish masalalarini muhokama qildilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan, shu jumladan Afgʻonistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.

Mamlakatlarimiz yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek iliq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.