Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining muzokaralari boshlandi

0
169
marta koʻrilgan.

Koʻksaroyda 19 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti davlat tashrifining asosiy tadbirlari boshlandi. 

Rasmiy kutib olish marosimidan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin tor doirada muzokara oʻtkazdi. 

Prezidentimiz oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlari keyingi ikki yilda yanada mustahkamlanganini taʼkidladi. 

Davlatimiz rahbari Moskva shahrida Birinchi Prezdentimiz Islom Karimovga haykal oʻrnatilgani va tantanali ochilgani uchun Oʻzbekiston xalqi nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi. 

«Rossiya Oʻzbekistonning strategik sherigi. Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi va barcha yoʻnalishlarda izchil rivojlanmoqda.  

Keyingi bir yilning oʻzida yuqori darajada saksondan ortiq tashriflar tashkil etildi. Hududlar oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Bugun Toshkentda Hududlararo hamkorlik forumi boʻlib oʻtmoqda. Unda Rossiya hududlari, jamoatchiligi va biznesining mingdan ortiq vakili ishtirok etmoqda. 

Joriy yil boshidan hozirgacha tovar ayirboshlash hajmi oʻttiz foizga oʻsdi. Yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda”, dedi Prezidentimiz. 

Davlatimiz rahbari yana bir strategik loyiha – mamlakatimizda birinchi atom elektr stansiyasi qurilish loyihasi boshlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Madaniy-gumanitar aloqalar kengayib borayotgani taʼkidlandi. Joriy yilda ilk bor Oʻzbekiston-Rossiya media-forumi oʻtkazildi, tashrif arafasida Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirokida Taʼlim forumi boʻlib oʻtdi. 

«Bu keyingi paytlarda hamkorlikda erishilgan yuqori marralarga bir nechta misol, xolos. Davlat tashrifingiz Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlari rivojiga yangi, kuchli impuls bagʻishlashiga ishonaman», dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Vladimir Putin davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston Rossiyaning ishonchli ittifoqchisi, strategik sherigi ekanini taʼkidladi.

Prezidentimizning Rossiyaga oʻtgan yilgi davlat tashrifidan keyin ikki tomonlama munosabatlarning hamma sohalarida jiddiy oʻzgarishlar boʻlganini, Rossiya mamlakatimiz bilan hamkorlikni bundan buyon yanada rivojlantirish niyatida ekanini qayd etdi. 

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.