Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
93
marta koʻrilgan.

19.03 kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Vladimir Putinni 18 mart kuni boʻlib oʻtgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovida erishgan ishonchli gʻalabasi bilan tabrikladi.

Saylov natijalari Vladimir Putin rahbarligida jamiyatni birlashtirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat suverenitetini qatʼiy himoya qilish va mamlakatning jahonda muhim oʻrin tutgan davlat sifatidagi rolini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan har tomonlama oʻylangan siyosatga Rossiya xalqi tomonidan ulkan ishonch bildirilayotgani va nihoyatda keng qoʻllab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

2017 yilning aprel oyida Rossiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif, shuningdek, tomonlarning muntazam muloqoti ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilib, uni sifat jihatidan yangi, amaliy mazmun bilan boyitgani taʼkidlandi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va koʻplab boshqa sohalarda aniq natijalarga erishildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va hududlari oʻrtasidagi hamkorlik faollashdi.

Sayyohlik va madaniyat sohasidagi almashinuvlar kengaymoqda, taʼlim va sogʻliqni saqlash boʻyicha qoʻshma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlari ikki tomonlama sheriklikni yanada kengaytirish masalalari, shuningdek mintaqaviy va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga taklif etdi.

Rossiya Prezidenti samimiy qutlov va tilaklar uchun chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.