5 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xalqaro kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Davlat rahbarlari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik, eng avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi sheriklikning bugungi surʼatini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Prezidentlar Afgʻonistonning shimoliy hududlaridagi ahvol yomonlashishi munosabati bilan Markaziy Osiyodagi vaziyatning rivojiga alohida toʻxtalib oʻtdilar. Oʻzbekiston va Rossiyaning vakolatli idora va tashkilotlari oʻrtasidagi muntazam muloqotlarni davom ettirishga va yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.