Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni munosabatlarida yangi davr

0
165
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kunining ikkinchi yarmida Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi doirasida Jidda shahriga keldi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Podshoh Abdulaziz nomidagi xalqaro aeroportda mamlakatimiz yetakchisini Makka mintaqasi rahbarlari, investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Jidda shahridagi «Qasr as-Salam» saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.

Davlatimiz rahbarini Saudiya Arabistonining Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari ijro etildi.

Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saudning muzokaralari boʻlib oʻtdi. 

Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston yetakchisi Saudiya Arabiston Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudga oʻzining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazishni soʻradi.

Turli darajalardagi aloqalar ancha faollashgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining yigʻilishlari muntazam oʻtkazilmoqda. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qoʻshma korxonalar tashkil etilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatlarimiz munosabatlarni, eng avvalo savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish uchun ulkan salohiyatga ega.

Oʻzbekiston Prezidenti Saudiya Arabistoniga ilk davlat tashrifi buning uchun keng imkoniyatlar ochishiga ishonch bildirdi.

Oliy darajadagi muzokaralar qarashlar va intilishlarning mushtarakligini namoyon etdi. Saudiyada “Nigoh — 2030” Davlat dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani yuksak baholandi. Mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini transformatsiya qilishga qaratilgan Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasining maqsad va vazifalari ushbu dasturga hamohangdir. Davlatlarimizda raqamli va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini joriy qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Ishbilarmonlarning aloqalari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, oʻzaro savdo hajmini oshirish, tarkibini diversifikatsiya qilish zarurligi qayd etildi. Mamlakatimizda Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etilishi bu borada muhim qadamlardan biri boʻladi.

«Bugungi tarixiy uchrashuvimiz hamkorligimizni amaliy natijalar bilan boyitish, biznes aloqalari uchun “kuchli signal” boʻlishiga aminman. Davlatlarimiz tadbirkorlari muloqotimiz natijalarini intiqlik va katta qiziqish bilan kutayapti», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Saudiyaning yetakchi kompaniyalarini Oʻzbekistondagi tijorat banklari, yirik sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Energetika va neft-kimyo sohalaridagi sheriklikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani taʼkidlandi. Bugungi kunda kunda “ACWA Power” kompaniyasi bilan jami 2 milliard 600 million dollarlik yirik energetika loyihalari boshlangan. Kimyo tarmogʻida “SABIC” kompaniyasi bilan sheriklik istiqbollidir.

Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida mamlakatimiz hududlarida transport, suv taʼminoti, elektr tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. 

Bugun Oʻzbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Uning yakunida energetika, kimyo, elektrotexnika, infratuzilmani rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va transport sohalarida umumiy qiymati 14 milliard dollardan ortiq boʻlgan kelishuv va shartnomalar imzolandi.

Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, bugungi kunda yurtimizda oʻn mingdan ziyod talaba Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy tili hisoblangan arab tilini oʻrganmoqda.

Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistonining qator jihatlar yuzasidan qarashlari va yondashuvlari oʻxshashligi namoyon boʻldi. Davlatlarimiz xalqaro doirada bir-birini doim qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodning “Ekspo — 2030” Butunjahon koʻrgazmasini oʻtkazish uchun nomzodini qoʻllab-quvvatlamoqda.

Xavfsizlik sohasida muloqotni yoʻlga qoʻyish, Afgʻonistonda tinchlikni mustahkamlash va iqtisodiyotni tiklashga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish yuzasidan yakdil fikr bildirildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Saudiya Arabistonining Shanxay hamkorlik tashkilotida Muloqot boʻyicha sherik maqomini olayotganini olqishladi.

Muzokaralar natijalari boʻyicha imzolangan hujjatlar almashildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish toʻgʻrisida Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari oʻrtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashrifi sharafiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud nomidan qabul marosimi oʻtkazildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.