Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning muzokaralari ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston rahbari koʻp qirrali hamkorlikning barcha yoʻnalishlarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishilganini katta mamnuniyat bilan qayd etib, Tojikiston bizning yaqin qoʻshnimiz, sodiq doʻstimiz, davr sinovidan oʻtgan ishonchli strategik sherigimiz ekanini taʼkidladi.
Prezidentimiz oʻzaro manfaatli va har tomonlama hamkorlikni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatli yoʻlida bundan buyon ham mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Tovar ayirboshlash qariyb 40 barobarga koʻpayib, 600 million dollarga yetdi. Qoʻshma korxonalar soni 10 karra oshdi.
Kuni kecha oʻtgan Hukumatlararo komissiya yigʻilishi va biznes forumning muvaffaqiyatli natijalari – 1 milliard dollarlik yangi bitim va shartnomalar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Transport, hududlararo hamkorlik, parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalar borasida ham muhim natijalarga erishildi.
Ikki davlat poytaxtlari Toshkent va Dushanbe shaharlari, Surxondaryo va Xatlon viloyatlari hamda Toshkent, Fargʻona, Samarqand va Soʻgʻd viloyatlari oʻrtasida samarali aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur tashrif doirasida hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni Jizzax va Soʻgʻd viloyatlari ham qabul qiladilar.
Prezidentlar birodar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklik ustuvor ahamiyatga ega ekanini, savdo hajmi va nomenklaturasini karrasiga oshirish uchun katta salohiyat mavjudligini taʼkidladilar.
Mashinasozlik, elektrotexnika, toʻqimachilik, charm, farmatsevtika, oziq-ovqat, agrosanoat, togʻ-kon, metallurgiya va boshqa tarmoqlarda loyihalarni amalga oshirish uchun katta istiqbollar borligi qayd etildi.
Oʻzbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasi salohiyatini faol ishga solish orqali hududlararo va sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish dolzarbligi koʻrsatib oʻtildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi. Prezidentlar fan, taʼlim, sanʼat, kino va turizm sohalaridagi hamkorlikka eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladilar. Yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish va maʼnaviyatini yuksaltirish ustuvor yoʻnalish sifatida qayd etildi.
Yetakchilarning mamlakatlarimiz oʻrtasidagi abadiy doʻstlikni mustahkamlash va ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatish boʻyicha tarixiy qarori qoʻyilgan maqsadlarga erishishda muhim omil boʻladi.
Taʼkidlanganidek, Tojikiston Prezidentining diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 30 yil toʻladigan joriy yilda oʻtayotgan ushbu tashrifi birodar xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari mustahkamligining yorqin tasdigʻidir.