5 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻlik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar, birodar Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Zamonaviy Tojikistonning davlat qurilishi sohasida va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi yutuqlari, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi izchil ortib borayotgani alohida taʼkidlandi.
Joriy yilda Shanxay hamkorlik tashkilotida Tojikiston raisligining samarali natijalari hamda oʻtgan oyda Dushanbe shahrida ushbu koʻp tomonlama tuzilmaning yubiley sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazilgani yuksak baholandi.
Prezidentlar Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Siyosiy iroda va birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarildi va aniq mazmun bilan boyidi.
Faol aloqalar va almashinuvlar davom etmoqda, oʻzaro savdo hajmi barqaror ortib bormoqda, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, togʻ-kon, qishloq xoʻjaligi va boshqa tarmoqlarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hududlar darajasida va ishbilarmonlar oʻrtasida sheriklik kengaymoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar faollashdi. Oʻtgan hafta Toshkent kinofestivali doirasida Tojik kinosi kunlari boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, sanʼat, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarida hamkorlik loyihalarini tayyorlash davom etmoqda.
Davlat rahbarlari imzolangan bitimlar va erishilgan kelishuvlarni keng koʻlamda amalga oshirish muhim ekanini taʼkidlab, qoʻshma hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida yaqindan hamkorlik va muvofiqlashuvni davom ettirish vazifasini qoʻydilar.
Suhbat chogʻida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan qoʻshni Afgʻonistonda vujudga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar.
Oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.
Prezidentlarning telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, doʻstona va ishchan ruhda oʻtdi.