Koʻksaroyda Tojikiston Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi. Shundan soʻng davlat rahbarlarining tor doiradagi muzokaralari boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, ikki davlat oʻrtasida siyosiy ishonch darajasi oshgani, uzoq yillik dolzarb masalalar qisqa muddatlarda hal etilganini taʼkidladi.
“Biz Sizning ilk davlat tashrifingizga Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarining yangi tarixidagi muhim siyosiy voqea sifatida qaraymiz. Bu tomonlarning oʻzaro manfaatli hamkorlikni doʻstlik, yaxshi qoʻshnilik va manfaatdorlik tamoyillari asosida yanada kengaytirishga intilishi qatʼiy ekanidan dalolat. Bugun mamlakatlarimizning savdo-iqtisodiyot va transport-kommunikatsiya salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish borasida ulkan imkoniyatlar ochilmoqda. Bu tashrif haqiqatan ham tarixiy boʻlishi, kelishuvlarimiz uzoq yillar xalqlarimizga xizmat qilishini istaymiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Emomali Rahmon Oʻzbekistonga taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanini qayd etdi.
“Sizning joriy yil mart oyida Tojikistonga davlat tashrifingizni mamnuniyat bilan eslayman. U mamlakatlarimiz munosabatlarini qayta tiklab, turli sohalardagi hamkorlikka kuchli turtki boʻldi. Samarali tashqi siyosatingiz tufayli Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi reytingi oshib bormoqda. Mamlakatingiz, odamlar hayotida ham katta oʻzgarishlar boʻlmoqda. Bu davlat tashrifim xalqlarimiz uchun juda muhim”, dedi Emomali Rahmon.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli davlatlararo munosabatlar mustahkamlandi. Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon xalqaro forumlar doirasida uchrashib, telefon orqali tez-tez muloqot qilib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirib kelmoqda.
Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi. Bu boradagi qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solishga, hududlar, yirik korxonalar va tadbirkorlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi, deya xabar beriladi prezident. uz saytida.