Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki mamlakat madaniyat va sanʼat arboblarini yuksak faxriy unvonlar bilan taqdirladilar

0
67
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon mushtarak tarixiy meros, maʼnaviy qadriyat va anʼanalarimizni asrab-avaylash va targʻib qilish boʻyicha samarali faoliyati, shuningdek, birodar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasi uchun ikki mamlakat madaniyat va sanʼat arboblarining bir guruhiga faxriy unvonlar berdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimiz yetakchisining davlat tashrifi doirasida ushbu unvonlar bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Doʻstizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dotsenti Ismoil Nazriyev, Tojikiston Hukumati huzuridagi Televideniye va radio qoʻmitasining F.Shaxobov nomidagi «Shoshmaqom» ansambli rahbari Furqat Saidzoda, Bobojon Gʻafurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari Toʻlqin Tojiboyev, A.Joʻrayev nomidagi Tojikiston davlat filarmoniyasi «Falak» ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov «Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston milliy musiqa sanʼati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi professori Munojatxon Yoʻlchiyeva, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi «Lazgi» ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Ogʻabek Sobirov va xonanda Yulduz Usmanovaga «Tojikiston xalq hofizi» faxriy unvoni, Oʻzbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Saʼdiyevga «Tojikiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi.

Davlat rahbarlari faxriy unvonlar nishonlarini oʻz sohiblariga tantanali ravishda topshirdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.