Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

0
110
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Davlatimiz rahbari Tojikiston Prezidentini tugʻilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va  muvaffaqiyatlar tiladi.

Tomonlar oliy darajadagi muntazamlik kasb etgan uchrashuv va muloqotlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik  munosabatlari va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini  mustahkamlashga xizmat qilayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Joriy yil 17-18 avgust kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida oʻtkazilgan samarali muzokaralar, ularning yakuni boʻyicha erishilgan kelishuv va imzolangan ikki tomonlama hujjatlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27-28 sentyabr kunlari MDH Davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Dushanbega amaliy tashrifi doirasida oʻtkazilgan uchrashuv va muzokaralar natijakorligi qayd etildi. 

Bugungi kunda savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib bormoqda. Oʻzaro savdo hajmi ortib, turli tarmoqlarda kooperatsiya, transport-kommunikatsiya sohasidagi aloqalar rivojlanmoqda, hududlar oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib, madaniy-gumanitar almashinuvlar  kengaymoqda. 

Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida hamkorlikni rivojlantirish va erishilgan kelishuvlar  ijrosini toʻliq taʼminlashda muntazam amaliy aloqalar muhimligini qayd etdi.

Muloqot soʻnggida davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan koʻp qirrali oʻzaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish borasida intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar. 
                                                                                 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.