Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv oʻtkazdilar, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlat rahbarlari birodar xalqlarimiz oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga asoslangan oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Tojikiston hamkorligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda asosiy eʼtibor ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning kun tartibini tubdan kengaytirish masalalariga qaratildi.
Keyingi olti yilda hamkorlikning barcha yoʻnalishlarda yutuqlarga erishildi. Oliy darajadagi muzokalarda erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, hududlari oʻrtasida muntazam almashinuvlar yoʻlga qoʻyilgan.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon koʻp qirrali Oʻzbekiston-Tojikiston strategik sherikligini yanada rivojlantirish yoʻlidan qatʼiy borishlarini tasdiqladilar.
Davlat rahbarlari savdoni faol kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, ikki mamlakatning logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish hamda suv energetikasi loyihalarini amalga oshirish orqali munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mintaqaviy va xalqaro kun tartibi yuzasidan fikr almashildi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tomonlarning intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.