Koʻksaroyda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Prezidentlar shu haqdagi shartnomani imzoladi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi oʻrtasida Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomada uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlari oʻrnatish maqsadi, oʻzaro hamkorlikning strategik yoʻnalishlari belgilangan.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonotini ham imzoladi.
Shuningdek, sanoat, standartlash va sertifikatlash, chegaradan oʻtkazish, taʼlim hujjatlarini tan olish, geodeziya va geologiya, qishloq xoʻjaligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 27 ta hujjat imzolandi. Jumladan, Surxondaryo viloyati bilan Xatlon viloyati, Samarqand viloyati bilan Soʻgʻd viloyati oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar qabul qilindi.
Davlat rahbarlari boʻlib oʻtgan muzokaralar va erishilgan kelishuvlardan mamnunligini, Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma ular orasida alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston va Tojikiston munosabatlaridagi katta oʻzgarishlar haqida koʻp gapirish mumkin. Lekin eng muhim yutuq – amaliy ishlarimiz millionlab odamlarga naf keltirayotgani, ularning qalbida iliqlik uygʻotayotganidir. Biz bundan buyon ham xalqlarimiz doʻstligining buzilmas koʻprigini har tomonlama mustahkamlashga harakat qilamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tojikiston Prezidentining davlat tashrifi davom etmoqda,deya xabar beriladi prezident. uz saytida.