Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-11 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻldi.
Shundan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga koʻchmoqda. Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat munosabatlari yuksak darajaga koʻtarilganini taʼkidladi.
– Qabul qilgan barcha qarorlarimiz amalga oshmoqda. Oʻtgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda koʻp narsa oʻzgardi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. 2017 yilda tovar ayirboshlash 70 million dollar boʻlgan boʻlsa, 2020 yilda, murakkab pandemiya yilida ushbu koʻrsatkich ilk bor 500 million dollarga yetdi. Biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik koʻrdik. Hududlar forumi muvaffaqiyatli oʻtkazildi, qiymati 1 milliard dollardan ziyod boʻlgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak, birinchi bor Tojikistonda Oʻzbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Fargʻona vodiysida uchrashadi. Bir soʻz bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga koʻchmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tojikiston Prezidenti davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrifning ahamiyatini alohida qayd etdi.
– Oʻzbekiston bizning strategik sherigimiz va ishonchli qoʻshnimiz. Tojikiston-Oʻzbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi oʻzaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik borasida oʻzaro muvofiqlashib, yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman. Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman, – deb taʼkidladi Emomali Rahmon.
Qoʻshma korxonalar soni 8 barobar koʻpayib, bugungi kunda 200 dan oshgani taʼkidlandi. Jumladan, Dushanbe shahrida maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi “Artel Avesto Elektroniks” qoʻshma korxonasi samarali ish yuritmoqda. Tashrif arafasida 30 dan ortiq shunday loyihalar ishlab chiqildi.
Real misollar va istiqbolga moʻljallangan aniq rejalar. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Tomonlar strategik sheriklikni kengaytirishda qatʼiy ekani va bu borada aniq choralarni koʻrishga tayyorligini taʼkidladilar.
— Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga moʻljallangan aniq rejalarimiz bor. Bu haqda soʻz yuritganda, Oʻzbekiston avtomobillarini yigʻishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xoʻjaligi uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava ip va toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatlarimizdagi boshqa qoʻshma loyihalarni tilga olish lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shaharlar oʻrtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etdi.
Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat viloyatlari va tumanlari kesimida toʻgʻridan-toʻgʻri tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish muhim ekanini ham taʼkidladi.
Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari boʻyicha konstruktiv va oʻzaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar anʼanaviy faol gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatimiz rahbari diplomatik munosabatlarimiz oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma madaniy tadbirlar dasturini amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari festivalini tashkil etish, Dushanbe va Toshkentda zamonaviy oʻzbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari — antologiyalarini nashr etishni taklif etdi.
Oʻzbekiston va Tojikiston Afgʻoniston boʻyicha tinchlik muzokaralarini qoʻllab-quvvatlash, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirish, uni mintaqaviy iqtisodiy sheriklikka faol jalb etish tarafdori ekani taʼkidlandi.
Tomonlar BMT, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish va bir birini qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.
Samarqand va Xatlon viloyatlarida barpo etilgan ijtimoiy obyektlarning rasman ochilish marosimi. Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlangach, Oʻzbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida barpo etilgan ijtimoiy obyektlarning rasman ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdilar.
Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan. Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumtaʼlim maktabi barpo etilgan. U 640 nafar oʻquvchiga moʻljallangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahridagi “Doʻstiy” maydonida Ismoil Somoniy haykali poyiga gullar qoʻydi.
Shavkat Mirziyoyev Tojikistonning yuksak mukofoti — I darajali «Zarrintoj» ordeni bilan mukofotlandi. Soʻng “Koʻhi Borbad” sanʼat saroyida Oʻzbekiston va Tojikiston sanʼat ustalari ishtirokida konsert boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Tojikiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi ulkan xizmatlari uchun Tojikistonning yuksak mukofoti — I darajali «Zarrintoj» ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoni oʻqib eshittirildi. Ordenni davlatimiz rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tantanali ravishda topshirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga rasmiy tashrifi doirasida 11 iyun kuni Dushanbedan Xoʻjandga keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan birgalikda Xoʻjand shahri yaqinidagi “Arbob” madaniyat saroyiga tashrif buyurdi. Bu yerda Soʻgʻd viloyati jamoatchiligi vakillari, ziyolilar, nuroniylar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Munosabatlar tashabbuskori va arxitektori. Tojikiston peshvosi Emomali Rahmon Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat oʻrtasida ishonch va doʻstlik muhiti yaratilganini taʼkidladi.
— Ilgari toʻplanib qolgan muammolar shunday qisqa muddatda hal etilishini tasavvur qilib boʻlarmidi?! Bunga xalqaro tashkilotlar ham ishonmagan edi. Bugun davlatlarimiz oʻrtasida hal boʻlmagan masala qolmadi, oʻzaro ishonch paydo boʻldi. Bunday munosabatlarning tashabbuskori va arxitektori hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, — dedi Emomali Rahmon.
Keyingi yillarda davlat chegaralarida 17 ta oʻtkazish punkti ochilgani, Tojikiston xalqi bundan minnatdor ekani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yigʻilganlarga chuqur hurmatini bildirib, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni qadrlash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish haqida nutq soʻzladi.
Oʻzbekiston Prezidenti tashrifining muhim qismi Xoʻjand shahrida oʻtayotgani bejiz emas. Bu qadimiy shahar oʻzbek va tojik xalqlari uchun birdek qadrli. U asrlar davomida Buyuk Ipak yoʻlidagi markazlardan biri boʻlib, mintaqamiz madaniy hayotida muhim oʻrin tutgan.
Dushmanga qarshi yelkama-yelka kurashgan buyuk sarkardalar –xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi va Xoʻjandning shonli farzandi Temur Malik jasorati xalqlarimiz xotirasida muhrlanib qolgan. Keyinchalik temuriylar, shayboniylar va xonliklar davrida ham Xoʻjand muhim qoʻrgʻon boʻlgan, rivojlangan.
Bugungi kunda Xoʻjand shahrida Oʻzbek maʼnaviyati va maʼrifati markazi, mahalliy universitetda oʻzbek filologiyasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydigan ilmiy maktab faoliyat yuritmoqda.
Oʻzbekistonda, barcha millat va elatlar qatori, tojik madaniyatini saqlash va rivojlantirishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda bir million olti yuz ming nafar tojik millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilmoqda, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda. Ular orasida taniqli olimlar, tadbirkor va fermerlar, oʻqituvchi va shifokorlar, turli darajadagi rahbarlar bor.
Mamlakatimizda 15 ta tojik milliy madaniyat markazi millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qoʻshmoqda. Tojik tilida gazeta va jurnallar chop etilib, telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda. 255 ta maktabda taʼlim tojik tilida olib borilayotir. Bir qator oliy oʻquv yurtlarida shunday fakultetlar va boʻlinmalar faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda ushbu yoʻnalishlarga qabul oʻrinlari ikki barobar ortadi.
Mamlakatimizda keyingi yillarning oʻzida tojik millatiga mansub 130 fuqaro yuksak davlat mukofotlariga sazovor boʻldi.
Prezidentlar «Arbob» madaniyat saroyini koʻzdan kechirdilar. Ushbu majmua 1959 yilda barpo etilgan. U tojik xalqi uchun tarixiy ahamiyatga ega. Oʻtgan asrning 90-yillari boshida bu yerda mamlakat mustaqilligiga doir muhim qarorlar qabul qilingan. Bu yerda 1992 yilda – Tojikiston taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan pallada Emomali Rahmon davlat rahbari lavozimiga kirishgan.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon hamrohligida “Qayroqqum gilamlari” korxonasini borib koʻrdi.
Bu fabrika 1957 yilda ishga tushurilgan. 2019 yilda modernizatsiya qilinib, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Xitoy va boshqa davlatlardan olib kelingan uskunalar oʻrnatilgan. Korxonada bir yilda 3 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Tojikiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻzdan kechirildi. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon Soʻgʻd viloyati Gʻafurov tumanidagi “Vaxdati millat” bogʻiga tashrif buyurdi.
Soʻgʻd viloyati Sirdaryo boʻyida joylashgan boʻlib, dehqonchilik uchun juda qulay. Bu yerda meva-sabzavotchilik rivojlangan. Tojikistonda yetishtiriladigan jami qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining qariyb 43 foizi Soʻgʻd viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.
“Vaxdati millat” bogʻi 2008 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 700 gektar boʻlib, shundan 500 gektarida mevali daraxtlar oʻtqazilgan. Bogʻ hududida qariyb 300 tonna sigʻimli sovutish ombori ham bor. 2018 yildan boshlab bu yerda baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda toʻrtta havzada oq amur, xumbosh va sazan kabi baliq turlari yetishtirilmoqda.
Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda. Oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida bu borada koʻplab shartnomalar imzolangan. Davlatimiz rahbarining bu galgi tashrifi chogʻida ham qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” qabul qilindi.
Prezidentlar bogʻda tashkil etilgan Tojikiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni oʻzaro yetkazib berish, saqlash va eksport qilish boʻyicha soha mutasaddilariga koʻrsatmalar berildi.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi yakunlandi. Xoʻjand xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon kuzatdi.