Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar

0
96
marta koʻrilgan.

15 avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi,  deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi keng koʻlamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq oʻzaro aloqalar va sermahsul almashinuvlar yuqori surʼatda davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma investitsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda. Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari oʻsmoqda, transport va logistika sohalarida kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Birgalikdagi gumanitar dasturlar roʻyobga chiqarilmoqda.

Ikki mamlakat yetakchilari mintaqaviy masalalarga toʻxtalar ekanlar, avgust oyining boshida Toshkent shahrida Oʻzbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uchrashuvi muvaffaqiyatli oʻtkazilganidan gʻoyatda mamnun ekanlarini taʼkidladilar. Ushbu formatdagi amaliy hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, shu jumladan Turkiy davlatlar tashkiloti va Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Davlatimiz rahbari shu kunlarda Turkiyaning Konya shahrida oʻtayotgan va oʻzbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan beshinchi Islom birdamligi oʻyinlari yuksak darajada tashkil etilganini alohida taʼkidladi.

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.