Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari keng qamrovli strategik sheriklikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdilar

0
58
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan raisligida Oʻzbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisi va xalqiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik va iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, bugungi yigʻilish muborak Qurbon hayiti arafasida va ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 32 yilligi nishonlanayotgan yilda oʻtkazilayotganini taʼkidladi.

– Strategik hamkorlik kengashining tashkil etilishi Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi va sheriklikning barcha sohalarida yanada rivojlanishga kuchli surʼat bagʻishladi, – dedi davlatimiz rahbari.

Siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar jadal rivojlanmoqda, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik faollashmoqda.

Soʻnggi yillarda oʻzaro savdo hajmi 1,5 barobarga, qoʻshma korxonalar soni 2 barobarga, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga turk investitsiyalari hajmi 2,5 barobarga oshdi. Ikki davlatning yirik shaharlari oʻrtasida haftasiga 90 ta parvoz amalga oshirilmoqda, Turkiyadan kelayotgan turistlar oqimi 3 barobarga koʻpaydi.

Yaqin kelajakda ikki tomonlama savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Bugun Oʻzbekistonda “Cengiz Holding”, “Aksa Energy”, “Çalık Holding”, “Akay Inşaat”, “Anadolu Group”, “Özgüven”, “Eczacıbaşı Holding” kabi yetakchi turk kompaniyalari tomonidan 100 dan ortiq loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Bu galgi tashrif doirasida 10 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi.

Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va birgalikda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim doirasida bojxona tariflarini pasaytirish, Istanbul shahrida Oʻzbekiston savdo vakolatxonasini ochish zarurligi qayd etildi.

Qishloq va suv xoʻjaligi, sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish va tibbiyot klasterlarini tashkil etish sohalarida Turkiyaning ilgʻor tajribasi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishga talab borligiga eʼtibor qaratildi.

Hamkorlikning yana bir muhim yoʻnalishi ikki mamlakatning transport-logistika salohiyatini oshirish, shu jumladan, Oʻrta koridor imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir.

Oliy, professional va texnik taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish, teatr festivallari, madaniyat haftaliklarini oʻtkazish, birgalikda tarixiy filmlar suratga olish va madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar hamkorlikning barcha yoʻnalishlarini chuqurlashtirishga qaratilgan deklaratsiyani qabul qilinayotgani va ikki davlat rahbarlari boshchiligida Oʻzbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilganini olqishladilar.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha hukumatlarga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma «yoʻl xaritasi»ni tasdiqlash topshirildi.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdogʻanni kengashning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.