Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtariladi

0
91
marta koʻrilgan.

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida xalqlarimizni Navroʻz bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi. Millatlarimizning tarixi birligi va bugungi yaqinligiga eʼtibor qaratdi.

– Buyuk ipak yoʻlining chorrahalarida joylashgan yurtlarimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qitʼalarining karvon yoʻllari tutashgan hududlar sifatida shuhrat qozongan. Hozirda turk qardoshlarimiz bizdan minglab kilometr olisda yashayotgan boʻlsalar-da, bizlarning tillarimiz va dillarimiz nihoyatda yaqindir. Bizning tarixiy ildizlarimiz bir, bugungi orzu-intilishlarimiz ham mushtarak, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasida savdo va investitsiya aloqalari jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Soʻnggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobarga, qoʻshma shirkatlar soni 5 karraga ortgan. Turkiyadan Oʻzbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 70 marotabaga koʻpaygan.

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi aloqalar rivojiga katta hissa qoʻshayotgani, uning bugungi yigʻilishi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani taʼkidlandi.

– Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning hozirgi yuqori darajasidan kelib chiqib, munosabatlarimizni keng qamrovli strategik sheriklik maqomiga koʻtarishga kelishib oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar chogʻida siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, toʻqimachilik, energetika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalarga oid masalalar batafsil muhokama qilingani aytildi. Erishilgan barcha kelishuvlarni toʻliq amalga oshirish uchun qoʻshma “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.

Mamlakatlarimiz davlat-xususiy sheriklik mexanizmini rivojlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishdan ham manfaatdor.

 Oʻtgan yili Anqara va Istanbulda Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonda turk tilini oʻrganishga qiziqish ortib bormoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkshunoslik fakulteti samarali faoliyat koʻrsatmoqda.

Yaqinda Toshkentda barcha turkiy xalqlarning buyuk madaniy merosi boʻlgan noyob asar – “Dada Qoʻrqut kitobi” oʻzbek tilida toʻliq holda nashr etildi. Oʻnlab dostonlardan iborat ushbu qimmatli kitob ajdodlarimizning shonli tarixi, ota-bobolarimiz jasorati va donishmandligidan darak beradi.

Davlatimiz rahbari ushbu kitobni Turkiya Prezidentiga tuhfa qildi.

 – Sizning tashrifingiz hamkorligimiz uchun yangi va yuksak imkoniyatlar yaratishga juda katta hissa qoʻshadi. Ota yurtingiz eshiklari Siz va barcha turkiyalik qardoshlarimiz uchun doimo ochiq, – dedi Prezidentimiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.