Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ommaviy axborot vositalari vakillari bilan oʻtgan brifingda maʼlum qildi.
Muzokaralar xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va qardoshlik anʼanalariga mos holda, ochiq, sermazmun va samarali boʻldi. Hamkorligimizning bugungi holati xolisona baholanib, uning ustuvor yoʻnalishlari va istiqboldagi vazifalari aniq belgilab olindi. Ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik sheriklik oliy kengashi tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi, dedi davlatimiz rahbari.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarni mustahkamlash boʻyicha tomonlarning yondashuvlari oʻxshash va mushtarak ekani taʼkidlandi.
Biz Turkiya Respublikasiga ulkan siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatga ega boʻlgan, xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori tobora ortib borayotgan yirik davlat sifatida qaraymiz. Ota yurtingiz – Oʻzbekistonning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Rejep Tayyip Erdogʻan muzokaralar oʻzaro anglashuv, manfaatdorlik va ishonch asosida oʻtganini, Turkiya va Oʻzbekiston hamkorligi yanada mustahkamlanib, strategik darajaga koʻtarilganini taʼkidladi. Koʻlami va ahamiyati katta boʻlgan kelishuvlarga erishilganidan, ertaga Buxorodagi muborak qadamjolarni ziyorat qilajagidan baxtiyor ekanini bildirdi.