Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdilar

0
55
marta koʻrilgan.

6 iyun kuni Anqara shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan raisligida Oʻzbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston tomonidan tadbirda «Global Textile», «ProCab», «Agromir Group», «ERIELL Group», «Akfa Holding», «Murad Buildings», «SAG», «BMB Holding», «Uzbekistan Hydrogen» kompaniyalari ishtirok etdi.

Turkiya tomonidan «Çalık», «Cengiz», «Acibadem», «Eczacıbaşı», «Anadolu Group», «Aksa Energy», «Zorlu», «Kalyon», «Onur Group» kabi xolding kompaniyalari qatnashdi.

Tadbirkorlar bilan bunday formatdagi muloqot ilk bor oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari Ishbilarmonlar kengashining tuzilishi ikki tomonlama munosabatlar rivoji yangi bosqichga koʻtarilganining ramzi ekanini taʼkidladilar.

Yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish va kelgusidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini ilgari surish maqsadida kengash yigʻilishlarini muntazam oʻtkazib turish zarurligi qayd etildi.

Oʻzbekiston rahbari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik izchil surʼatda rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. Soʻnggi besh yilda turk sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga oshdi va 2 mingtaga yetdi, investitsiyalar hajmi ikki barobarga ortdi.

Kuni kecha oʻtgan biznes forumi va ishbilarmonlik tadbirlari natijasida qishloq xoʻjaligi, qurilish, energetika, sogʻliqni saqlash, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, zargarlik, toʻqimachilik va charm sanoati sohalarida koʻplab ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

Prezidentimiz energetika, qurilish, konchilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida «Cengiz Energy», «Aksa Energy», «Çalık Holding», «Eczacıbaşı» va «Anadolu» kabi turk kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyatini koʻrsatib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab, eng avvalo, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni taklif etdi.

Oʻzbekiston-Turkiya sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu sanoat zonasi ikki mamlakat oʻrtasida amaliy hamkorlikning lokomotiviga aylanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Shu asosda 3 milliard dollarlik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Kengash uchrashuvida konchilik sanoatida hamkorlik qilish ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Turkiyaning yirik kon-geologiya kompaniyalari bilan foydali qazilmalarni oʻrganish va qazib olish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, oʻz navbatida, Turkiya Oʻzbekiston bilan barcha sohalarda oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.

U ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini taʼkidladi. Turkiya yetakchisi kengash ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash maqsadida konstruktiv muloqotga chaqirdi.

Fikr almashish davomida turk ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonda olib borilayotgan ortga qaytmas islohotlar natijasida paydo boʻlgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar, bu islohotlar Turkiya biznesining uzoq muddatli rejalarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratayotganini taʼkidladilar.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari tomonidan ustuvor sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan aniq takliflar bildirildi.

Davlat rahbarlari tadbirkorlarni birgalikda ishlashga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, masʼul rahbarlarga ishbilarmonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berdilar.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.