Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

0
82
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Anqara shahriga kelgach, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisiga ushbu mamlakatning janubi-sharqiy muzofotlarida oʻtgan oyda roʻy bergan vayronkor zilzilalar munosabati bilan shaxsan chuqur hamdardlik bildirdi. Jabr koʻrgan muzofotlarni qayta tiklash va yangi infratuzilmani barpo etish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Turkiya Prezidenti, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda koʻrsatgan birodarlik yordami, qutqaruv ishlaridagi faol ishtiroki va jabrlanganlarga insonparvarlik koʻmagi uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirdi.

Turkiy davlatlar tashkilotining 16 mart kuni oʻtadigan favqulodda sammiti tashkilotdagi mamlakatlar oʻrtasidagi hamjihatlik va birodarlik rishtalarining yorqin ifodasi boʻlishiga ishonch bildirildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish surʼati mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmi ortmoqda, oʻtgan yili 370 ta yangi korxona tashkil etildi. Keyingi olti yilda Turkiyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalari hajmi 3,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, yengil sanoat va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, shu jumladan Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqildi.

Davlat rahbarlarining uchrashuvi har doimgidek ochiq, ishonchli va doʻstona muhitda oʻtdi.

Yakunda Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Fuat Oktay Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga qoʻshgan katta hissasi uchun “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.