Anqara shahrida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida turkiyalik hamkasbiga taklif va Strategik hamkorlik kengashi doirasidagi samarali muzokaralar uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Oʻzbekiston mustaqilligini birinchi boʻlib tan olgan Turkiya vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli hamkor ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, Rejep Tayyip Erdogʻan boshchiligida Turkiyada xalq farovonligini oshirish, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va harbiy qudratini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro maydondagi nufuzi va taʼsirini oshirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Hayratlanarli infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda.
– Biz chin qardosh va yaqin doʻst sifatida Turkiya xalqi erishayotgan bunday olamshumul yutuqlardan nafaqat quvonamiz, balki behad faxrlanamiz. Biz oldimizga qoʻygan niyatlarimiz va istaklarimiz bir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugungi oliy darajadagi uchrashuvlar tarixiy ahamiyatga ega ekani va ular natijasida Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish toʻgʻrisida deklaratsiya imzolangani qayd etildi.
Yetakchilar oʻzaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini, istiqbolga yoʻnaltirilgan maqsadlarni belgilab oldilar. Jumladan, kengash yigʻilishlarini muntazam oʻtkazish, siyosiy muloqotni faollashtirish va Hukumatlararo komissiya mexanizmidan samarali foydalanishga qaror qilindi.
– Biz hamkorlikning yangi, yanada mustahkam koʻpriklarini qurayapmiz. Hech shubhasiz, Oʻzbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashi yigʻilishi hozirgi vaqtda aloqalarimiz tarixida yangi sahifa ochmoqda. Bunday yuksak darajadagi muloqot formati oʻzaro ishonch va hurmatning oliy ifodasidir, — dedi Prezidentimiz.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy surʼati qayd etildi.
Soʻnggi yillarda oʻzaro savdo hajmi 1,5 baravarga, qoʻshma korxonalar soni 2 baravarga, investitsiyalar 2,5 baravarga oshgan. Ikki mamlakat shaharlari oʻrtasida haftasiga 90 ta havo qatnovi amalga oshirilmoqda.
Bugun Turkiyaning yetakchi kompaniyalari Oʻzbekiston bozorida faol ish olib bormoqda. Turk biznesi ishtirokida 100 dan ortiq loyiha samarali amalga oshirilmoqda. Joriy tashrif doirasida 10 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
Tomonlar oʻzaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish, yangi oʻsish nuqtalari va maxsus sanoat klasterlarini yaratish boʻyicha tizimli ishlashga kelishib oldilar.
Energetika, togʻ-kon, elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati, sogʻliqni saqlash, turizm, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish borasidagi intilishlar qatʼiy ekani bildirildi.
Ikki mamlakat hukumatlariga logistika va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish, mavjud transport yoʻlaklaridan samarali foydalanish va biznes aloqalarini jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.
Davlatimiz rahbari qoʻshma Ishbilarmonlar kengashini taʼsis etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganini va uning ilk yigʻilishi bugun ikki davlat rahbarlari boshchiligida oʻtkazilganini maʼlum qildi.
Mintaqaviy masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Xalqaro maydonda yaqin hamkorlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni, jumladan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.
Prezidentlar Gʻazo sektorida zoʻravonliklarni zudlik bilan toʻxtatish va Falastin-Isroil muammosini tinch yoʻl bilan hal qilish zarurligini yana bir bor taʼkidladilar.
– Barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish uchun mustaqil va ozod Falastin davlati tashkil etilishi shart, – dedi davlatimiz rahbari.
Tomonlar islom dinining asl insonparvar mohiyatini keng targʻib qilish, islomofobiya va radikalizmga qarshi kurashishda, shuningdek, oʻzbek zaminida tugʻilib oʻsgan va musulmon dunyosida yuksak qadrlanadigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning bebaho maʼnaviy merosidan samarali foydalanish masalalarida hamkorlik qilish borasida yakdil fikr bildirdilar.
Muzokaralarda madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xalqlarimiz oʻrtasidagi yaqinlikni mustahkamlash maqsadida oʻzaro madaniyat haftaliklari, taʼlim va tibbiyot forumlari, koʻrgazmalar oʻtkazish va turistlar oqimni oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Barcha erishilgan kelishuvlarni toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirish uchun alohida “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.